Noutbuk tanlashda amal qilinishi kerak bo‘lgan maslahatlar
02.01.2018
Noutbuk xarid qilishdan oldin uni nima maqsadda ishlatmoqchi ekaningizni, qanday dasturlarda ishlashingizni aniqlab oling. Xariddan oldin bu masalaga oydinlik kiritish juda muhim.
Ko‘p hollarda noutbuk sotuvchilari yoki internetdagi e’lonlarda parametrlarini yozib, “igrovoy noutbuk” deb qo‘yishadi.
Keling, avval “igrovoy noutbuk” qanday bo‘lishi va unga qanday talablar qo‘yilishi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Igrovoy noutbuklar kompaniyalar tomonidan maxsus dizayn asosida ishlab chiqariladi. Ular kuchli protsessor, katta hajmdagi operativ va video xotira (qo‘shimcha videokarta bilan), shu parametrga mos quvvatlagich (zaryadnik) va akkumulyator bilan jihozlanadi. Eng muhim jihati — bu turdagi noutbuklarda kuchli va ishonchli sovutish tizimi bo‘ladi.
Bunday noutbuklarga Lenovo Y series yoki Asus Republic of Gamers (ROG) seriyalarini misol qilish mumkin. Ularning narxi taxminan 1200–1600 dollar, hatto undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Demak, do‘kon yoki internet e’lonlarida protsessori i5, video xotirasi 1–2 GB, operativ xotirasi 4–8 GB bo‘lgan noutbuklar aslida igrovoy hisoblanmaydi. Buni bilib olishingiz foydali. Sababi, o‘yin uchun mo‘ljallanmagan noutbukda katta hajmdagi o‘yinlarni o‘ynash zararli bo‘lishi mumkin.
O‘yin o‘ynaganda yoki foto-video montaj qilganda protsessor va videoxotira chipi qizib ketadi. Natijada vaqt o‘tishi bilan chip oyoqchalari eriy boshlaydi va noutbuk ishdan chiqishi mumkin.
Agar siz doimiy ravishda video, audio yoki foto montaj bilan shug‘ullansangiz, noutbukdan ko‘ra stol kompyuteri yig‘dirganingiz ma’qul. Chunki noutbuk aslida stol kompyuterining mobil variantidir.
Keyingi masala — byudjetni to‘g‘ri belgilash. Hozirda ikki yadroli, 4 GB operativ xotirali va videokartasiz Acer, Lenovo yoki Asus noutbuklarini taxminan 260–290 dollar atrofida topish mumkin. Bunday parametrdagi noutbuklar ofis ishlari uchun yetarli hisoblanadi.
Agar byudjetingiz imkon bersa, i3, i5 yoki i7 protsessorli va videoxotirali noutbuk olishingiz mumkin. Lekin oddiy ofis ishlarida bu parametrlarning katta farqini sezmasligingiz mumkin.
Masalan, bundan 10 yil oldin olingan ikki yadroli va 2 GB operativ xotirali noutbuk bugungi kunda ma’nan eskirgan bo‘lishi mumkin. Chunki vaqt o‘tishi bilan protsessor va operativ xotiralarning yangi avlodlari yaratilmoqda. Shu sababli eski va yangi noutbuklarning parametrlari o‘xshash bo‘lsa ham, ishlash tezligida katta farq bo‘ladi.
Endi brend masalasiga kelsak, Apple va Sony Vaio qimmatroq brendlar hisoblanadi. Dell, Toshiba va HP o‘rtacha toifadagi brendlar, Asus, Acer va Lenovo esa nisbatan arzonroq deb aytish mumkin. Ammo bu qat’iy qoida emas, chunki har bir brendning ham qimmat, ham arzon modellari mavjud.
Brend tanlangach, model ham muhim ahamiyatga ega. Ayrim modellar ishlab chiqarish jarayonida yetarlicha puxta ishlanmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, HP DV2000 yoki Acer E1-510 modellari omadsiz seriyalar hisoblanadi. Shuning uchun sotib olmoqchi bo‘lgan noutbuk modeli haqida internetdagi fikr va baholarni ham ko‘rib chiqish foydali.
Ba’zi odamlar noutbukni xorijdan xarid qilishni afzal ko‘rishadi. Buning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari mavjud. Yaxshi tomoni — istalgan brend va modelni topish mumkin.
Salbiy tomoni esa, kerak bo‘lib qolsa, ehtiyot qismlarini topish qiyin bo‘lishi mumkin.
Qaysi brenddagi noutbukni olishingizdan qat’i nazar, uni ehtiyot qilib ishlatgan ma’qul. Chunki zamonaviy noutbuklarning korpusi va ichki qismlari ancha nozik bo‘ladi. Eng muhimi — keraksiz darajada og‘ir o‘yinlar o‘ynashdan saqlaning.
Ko‘pchilik i3, i5 yoki i7 protsessorli noutbuklarni xohlashadi. Ammo ofis ishlarida protsessor turining katta farqi bilinmaydi. Operativ xotira 4–8 GB bo‘lsa, bemalol ishlaydi.
Masalan, men Acer Aspire E1-572G modelidan foydalanaman. Unda i5 protsessor, 4 GB operativ xotira va 2 GB videoxotira mavjud. Lekin oddiy ofis ishlarida i5 protsessorning katta ustunligi sezilmaydi.
Acer yaxshi variantlardan biri hisoblanadi. Odatda 1 yil kafolat beradi va servis xizmati ham ancha yaxshi.
Sotib olayotganda ruscha harflari mavjud klaviaturali variantni tanlaganingiz ma’qul. Ruscha klaviaturasi bo‘lmagan noutbuklar ko‘pincha O‘zbekistonga norasmiy yo‘llar bilan olib kirilgan bo‘ladi va ularning rasmiy kafolati bo‘lmasligi mumkin.